(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

O‘zbekiston – Britaniya maslahatlashuvlari to‘g‘risida

2018-yilning 6-dekabr kuni London shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Buyuk Britaniya Bosh vazirining Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha Maxsus vakili Garet Beyli ishtirokida O‘zbekiston – Britaniya maslahatlashuvlari o‘tkazildi.

Afg‘oniston va unga tutash mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, afg‘onlararo muzokaralar jarayonini boshlash yuzasidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar borasida fikr almashildi.

2018-yil 27-martda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afg‘oniston bo‘yicha nufuzli xalqaro konferensiyada qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Britaniya tomoni O‘zbekistonning “Tolibon” harakati hamda barcha Afg‘onistondagi siyosiy kuchlar ishtirokidagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini qayd etdi.

Afg‘onistonda qo‘shma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni, jumladan infrastruktura, madaniy-gumanitar hamda ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Buyuk Britaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Britaniyaning yetakchi tadqiqot va tahlil markazlarida o‘tkazilgan qator tadbirlarda ishtirok etdi.