(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

Oʻzbekiston Elchisi Polsha Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

2019-yilning 11-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Elchisi Baxrom Babayev Polsha Respublikasi Prezidenti Andjey Dudaga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng boʻlib oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va Polsha oʻrtasidagi munosabatlarga doir masalalar muhokama qilindi. Polsha rahbari uning mamlakati Oʻzbekiston bilan koʻplab masalalar boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorligini qayd etdi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning ijobiyligi hamda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligi ta’kidlandi.

“Varshava Oʻzbekistonning faol mintaqaviy siyosati hamda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlarni kuzatib bormoqda va ijobiy baholamoqda, - dedi Andjey Duda. – Prezident Shavkat Mirziyoyev eng boshidan ochiq tashqi siyosatni amalga oshirib kelmoqda va mintaqada mavjud nizolarni bartaraf etishga hamda oʻzaro ishonch munosabatlarini oʻrnatishga erishdi”.

Mamlakatda olib borilayotgan islohotlar Polsha ishbilarmonlar doiralarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishini sezilarli darajada oshirdi. Bu uchun eng muhim omil Oʻzbekistondagi tinch va barqaror muhit hisoblanadi.

Polsha Prezidenti 2019-yil 1-fevraldan Polsha fuqarolariga 30 kunlik vizasiz tartibning joriy etilishidan mamnunligini bildirdi. Bu Oʻzbekistonga keladigan polshaliklar sonini ikki barobar oshishiga imkon berdi.

Muloqot chogʻida Polsha tomonining ta’lim va ilm-fan sohasida Oʻzbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish istagi mavjudligi ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida Polsha rahbari ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishga umid bildirdi hamda Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga muvaffaqiyat va farovonlik tiladi.