(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

O‘zbekiston va Gruziya tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi to‘g‘risida

2019-yilning 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Gruziya Tashqi ishlar vaziri David Zalkaliani bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat tarixidagi muhim sana – O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan bir-birlarini tabrikladilar.

Muloqot chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.

Vazirlar ikki tomonlama hamkorlik institutlari faoliyatini va turli shakllardagi aloqalarni faollashtirish zarurligini qayd etdilar. Ta’kidlanganidek, qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar va ishbilarmon doiralarning tashabbuslari bilan joriy yilning 7 oyida tashqi savdo aylanmasi 2018-yilning shu davriga nisbatan 80%dan ko‘proq o‘sishga erishildi.

16-iyulda boshlangan Tashkent va Tbilisi o‘rtasidagi aviaqatnovlar ikki mamlakat tadbirkorlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishga yangi imkoniyatlar ochadi hamda ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga imkon beradi.

Uchrashuvda dolzarb xalqaro masalalar, jumladan BMT va boshqa tashkilotlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda Gruziya Elchisi Zurab Abdushelishvili ham ishtirok etdi.

Anvar Ilyosov olgan surat