(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Xabarovsk o‘lkasida sayyor qabul o‘tkazdi

2019-yilning 31-oktabr – 2-noyabr kunlari O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Rossiyaning Uzoqsharqiy federal okrugi tarkibiga kiruvchi Xabarovsk shahriga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Rossiya IIVning Xabarovsk o‘lkasi bo‘yicha Boshqarmasi rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda hamkorlik, huquqbuzarliklarni oldini olishga yo‘naltirilgan tushuntirish-profilaktik tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi, shoshilinch ravishda munosabat bildirish va qayta tekshirib ko‘rishni talab qilinadigan ma’lumotlarni almashish bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Bosh konsulxona vakillari jami 135 nafar o‘zbekistonlik talabalar ta’lim oladigan Uzoqsharqiy davlat tibbiyot universiteti va Tinch okeani davlat universitetiga tashrif buyurdilar. OTMlar rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonlik talabalar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda 22-dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga sayloviga tayyorgarlik jarayoni va Bosh konsulxonada saylov uchastkasi tashkil etilgani to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Talabalar konsullik-huquqiy masalalar, jumladan konsullik hisobiga qo‘yish, zarur yo‘l hujjatlarini rasmiylashtirish, chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasportini olishga doir ma’lumotlar bilan tanishdilar va savollarga javob oldilar. Shuningdek, hamyurtlarimizga vaqtincha konsullik hisobiga qo‘yish uchun anketalar topshirildi.

O‘zbek diasporasi vakillari va mazkur hududda yashaydigan hamyurtlarimiz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi faoliyati, Vakolatxona tomonidan turli qiyin vaziyatlarga tushib qolgan mehnat migrantlariga ko‘rsatilayotgan yordamlarga doir masalalar muhokama qilindi.

Xabarovsk o‘lkasida xizmat safari doirasida Bosh konsulxona tomonidan sayyor konsullik qabuli ham tashkillashtirildi. Unda konsullik-huquqiy va maslahat yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, vatanga qaytish sertifikati rasmiylashtirish uchun hujjatlar qabul qilindi, Bosh konsulxonaga borish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 4 nafar fuqaroga sertifikatlar o‘sha joyda rasmiylashtirib berildi.