(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitimning kuchga kirishi to‘g‘risida

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning 2019-yil 15-aprel kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim 2020-yil 22-maydan kuchga kirdi.

Hujjat noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, ikki davlatning hududida noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni aniqlash va ro‘yxatga olish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Qayd etilgan Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor Tomonning yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovnomalari asosida amalga oshiriladi.

Bitimda, shuningdek, noqonuniy migratsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida ma’lumot va tajriba almashish, Tomonlar xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda qo‘shma tezkor profilaktik tadbirlarni tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Hujjatning to‘liq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.