(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

IHT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan muzokaralar to‘g‘risida

2020-yil 13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Asqar Musinov bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekistonning IHT bilan fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorligining holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston TIV rahbarining o‘rinbosari qardosh Qozog‘iston vakili Asqar Musinovni IHTning ushbu mas’uliyatli lavozimiga saylangani bilan tabrikladi.

Qayd etilganidek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining “Ta’lim va ma’rifat - tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida 2016-yil oktabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 43-sessiyasi O‘zbekistonning IHT davlatlari bilan hamkorligini yanada mustahkamladi, ikki va ko‘p tomonlama shakllarda hamkorlikni geografik jihatdan kengaytirish uchun noyob imkoniyat yaratdi.

Asqar Musinov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom olamida ilmiy-texnologik taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslarining muhimligi va dolzarbligini ta’kidladi va ularni amalga oshirishda IHT amaliy yordam berishga tayyorligiga ishontirdi.

IHT fan va texnologiyalar bo‘yicha konferensiyasini o‘tkazish, koronavirus pandemiyasi sharoitida tegishli idoralar o‘rtasida onlayn uchrashuvlarni tashkil etish, IHT mamlakatlarining nufuzli universitetlarida o‘qish uchun grantlar berish bo‘yicha takliflar alohida ko‘rib chiqildi.

Muzokarada tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.