(998 71) 233-28-28

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

Yangiliklar va voqealar

Xotin-qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha yangi ish tizimi belgilandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-oktabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Xotin-qizlar va yoshlar – aholining katta qismi, ijtimoiy masalalarning aksariyati ham ular bilan chambarchas bogʻliq.

Soʻnggi yillarda ushbu ikki yoʻnalish boʻylab Oʻzbekistonda davlat siyosatini mahalla darajasigacha yuritadigan vertikal tizim yaratildi. Yoshlar masalalari boʻyicha har bir tumanda alohida hokim oʻrinbosari, uning 3 nafargacha mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boʻlimining 3 nafar xodimi, viloyatda ham hokim oʻrinbosari, uning 4 nafar mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasining 11 nafar xodimi ajratildi.

Xotin-qizlar masalalari boʻyicha har bir mahallada alohida rais oʻrinbosari, tumanda – mahalla va oila boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari va 2 nafar mutaxassisi, viloyatda esa 8 nafargacha shtat birligi berildi.

Bundan tashqari, yoshlar masalalarini hal etishga Prezidentning Xalq qabulxonalari, xotin-qizlar masalalarini hal etishga esa Kasaba uyushmalari biriktirildi.

Lekin joylarda ushbu idoralar, toʻrtta sektor ishni samarali tashkil eta olayotgani yuzasidan koʻplab savollar tugʻilmoqda.

Shu bois videoselektor yigʻilishida xotin-qizlar va yoshlar masalalari boʻyicha yangi ish tizimi joriy etilishi taʼkidlandi.

Maʼlumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxati, yaʼni “temir daftar” tuzilgan edi. Endi xuddi shuningdek har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladi. Bu roʻyxatlar “temir daftar”dan alohida boʻladi. Unga ijtimoiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bor boʻlgan ishsiz yoshlar va xotin-qizlar kiritiladi. Buning natijasida ular bilan tizimli, manzilli ish yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash tizimi Xatirchi tumani va Yangiyer shahri misolida muhokama qilindi.

Mutasaddilarga ushbu tizimning namunaviy shaklini ishlab chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va har bir viloyatning bittadan shahar va tumanida, yaʼni 28 ta hududda sinovdan oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

Sektor rahbarlari va mutasaddi idoralar vakillariga har bir mahalladagi holatni oʻrganish, yoshlar va ayollar bilan birma-bir muloqot qilib, ehtiyojlarini, qiziqishlarini aniqlash hamda shu asosda manzilli choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Bundan keyin odamlarning uyiga borib, ishga muhtojlarni ishga joylashtirish tizimini yaratishimiz kerak. Endi qaysi joyda rahbarlar uyma-uy yurib, masalalarni hal qilsa, oʻsha joyda vaziyat oʻzgaradi. Eng asosiy maqsad – iqtisodiy barqarorlikdan natijadorlikka oʻtish, – dedi Prezident.

Ishsiz yoshlar va xotin-qizlarda motivatsiya uygʻotib, kasbiy koʻnikmalar shakllantirish, psixologik, huquqiy, tibbiy va moliyaviy koʻmak berish muhimligi taʼkidlandi.

Masalan, oilaviy psixolog xizmati va tuman adliya boʻlimi orqali huquqiy maslahatlarni bepul tashkil qilish mumkin. Yolgʻiz keksa ayollar bilan patronaj hamshiralar, yoshlar, mahalla va oila boʻlimlari ishlashi lozimligi qayd etildi.

Ishsiz yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash hokimning investitsiya boʻyicha oʻrinbosari, tuman va shahar bandlik boʻlimi, Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash markazi, Bosh vazir qabulxonalari va banklarning eng muhim vazifasi boʻlishi kerakligi aytildi.

Oʻz mehnati, irodasi bilan katta yutuqlarga erishgan mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar tashkil etib, yoshlar va xotin-qizlarga kuchli motivatsiya berish, chet tili, kasb-hunar va biznesga oʻrgatadigan audio va video materiallar tayyorlab tarqatish ham yaxshi samara beradi.

Yigʻilishda “ijtimoiy shartnoma” tajribasini keng qoʻllash muhimligi aytildi. Bunda, avvalo, fuqaro kasb oʻrganishi, ishga joylashishi, oʻzini oʻzi band qilishi uchun davlat tomonidan moddiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatiladi.

“Daftar”lar bilan ishlashda nodavlat notijorat tashkilotlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish lozimligi qayd etildi. Ular bilan hamkorlikni kengaytirib, jazoni oʻtab qaytganlarning ijtimoiy moslashuvi, yoshlar va ayollarni psixologik qoʻllab-quvvatlash, ularni chet tillari va kasb-hunarga oʻqitish muhimligi aytildi.

Bu ishlarga “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti, Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutining salohiyati safarbar etiladi. Bundan tashqari, aholini tadbirkorlikka oʻqitish va mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan iborat kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarga yillik 4 foiz stavkada qarz mablagʻlari ajratiladi.

Yigʻilishda moʻljaldagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ularni barqaror moliyaviy manbalar bilan taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yoshlar va ayollar bandligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻrganishlarda maʼlum boʻlishicha, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi oʻrta maʼlumotli. Ishsiz yoshlarning ham koʻpchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan.

– Yoshlar va xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga tayyorlashni tizimli yoʻlga qoʻysak, ularning munosib ish topishiga koʻmaklashsak, koʻplab ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hal boʻladi. Buning uchun nafaqat davlat taʼlim muassasalari, balki mingdan ziyod nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlarini ham jalb qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, bu borada mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shuning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitishga, 90 millioni esa oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar oʻquv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga taʼlim xarajatlari uchun 1 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Yana bir masala – Kasb va lavozimlar klassifikatori bugungi zamon va mehnat bozori talablariga mos kelmaydi. Misol uchun, unda 2 ming 484 ta, yaʼni 70 foiz xizmatchi lavozimi boʻyicha oliy maʼlumot talab etiladi. Xususan, maʼlumotlar bazasi bilan ishlaydigan mutaxassis, veb dizayner kabi ixtisosliklarga oliy malaka talabi qoʻyilgan. Ushbu kasblarni IT-markazlarda yarim yilda yaxshi oʻrganish mumkin.

Kutubxonachi, tarjimon, bank agenti, reklama mutaxassisi kabi koʻplab vazifalarga ham oliy maʼlumot talabi qoʻyilgan. Mehnat bozorida bunday kasblar boʻyicha 4 mingga yaqin vakansiya mavjud.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Kasb va lavozimlar klassifikatorida oliy maʼlumot talab qiladigan mutaxassisliklar va lavozimlarni qisqartirish vazifasi qoʻyildi.

Hokimlarning ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosarlari “yoshlar daftari” boʻyicha, mahalla va oila masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari “ayollar daftari” boʻyicha masʼulligi belgilandi.

Videoselektor yigʻilishida Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlarning axboroti eshitildi.